Jahon Sog‘liqni saqlash Tashkiloti hamda BMT bosh Assambleyasining 1988 yilidagi Qaroriga asosan 1 dekabr Xalqaro OITSga qarshi kurash kuni sifatida Butun jahonda nishonlanadi.

OIV/OITS pandemiyasi sababli tobora ortib borayotgan qiyinchiliklarni inobatga olgan xolda BMT 1996 yilda 6 ta Global tashkilotlarning birlashmasini tuzdi. BMTning Bolalar jamg‘armasi, Birlashgan Millatlar Taraqqiyot dasturi, BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi, Ta’lim va Fan madaniyati, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Jahon banki tashkiloti ushbu dasturning homiylari sifatida birlashdi.

OIV infektsiyasi hozirgi kunda barcha mamlakatlar uchun global muammoga aylangan. OIV epidemiyasi boshlangandan buyon 75 milliondan ortiq kishi OIV infektsiyasi bilan kasallangan. Bu esa o‘z navbatida inson salomatligiga, mamlakatlarning ijtimoiy –iqtisodiy rivojlanishiga hamda xavfsizligiga rahna solayotir. O‘zbekistonni ham bu xavf chetlab o‘tmagan.

2020 yilning 1 noyabr holatiga respublikamizda OIV infektsiyasi bilan yashovchilar soni 43581 nafar shaxsni tashkil etdi.

OIV infektsiyasining tarqalishi asosan birmuncha faol yoshda, ya’ni 25-49 yoshlar o‘rtasida ko‘proq uchramoqda, bu 75,6%ni tashkil etadi.

OIV infektsiyasida proflaktik va epidemiyaga qarshi kurash tadbirlarini maqsadga muvofiq ravishda rejalashtirishda va amalga oshirishda kasallikni yuqish omillarini aniqlash katta ahamiyat kasb etadi. So‘nggi yillarda butun dunyodagi kasallikni jinsiy aloqa yo‘li bilan yuqishining ko‘tarilishiga moyillik respublikamizda ham kuzatilmoqda va OIV infektsiyasining jinsiy aloqa yo‘li bilan yuqishi asosiy foizlarni tashkil etmoqda. Respublikamiz hududida 2020 yilning 10 oyida ro‘yxatga olingan bemorlarning 71,8% ga kasallik jinsiy aloqa yo‘li orqali yuqqanligi gumon qilingan.

Mamlakatimizda OITSga qarshi kurash tizimi oxirgi yillarda o‘z faoliyatining barcha yo‘nalishlarida jiddiy yutuqlarga erishib kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 26 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurash samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1023-sonli, 2018 yilda tasdiqlangan PQ-3493 va PQ-3800 Qarorlarining ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilgan tadbirlar natijasida OIV diagnostikasi sohasida yangi sifat darajasiga erishish, infektsiyani erta aniqlash, o‘z vaqtida profilaktika choralarini amalga oshirish va OIV infektsiyasi bilan yashayotgan odamlarga tibbiy yordam ko‘rsatishning samaradorligi oshishi sababli, Respublikada OIV infektsiyasi bo‘yicha epidemik vaziyatda barqarorlashish kuzatilmoqda. Bu esa mamlakatni YuNEYDS (Birlashgan Millatlar tashkilotining OIV/OITS bo‘yicha qo‘shma dasturi) ning dunyo miqyosida tan olingan “90-90-90” strategik maqsadlarga erishishida katta ahamiyat kasb etadi. 2019-2020 yillarda Respublikamizning 2 ta yirik shaharlari Toshkent va Samarqand OIV infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va aholi sog‘lig‘ini yaxshilash to‘g‘risidagi “Parij deklaratsiyasi” deb nomlanadigan butunjahon tashbbusiga qo‘shildi. Tashabbus yirik shaharlarda OIV infektsiyasini oldini olish, aholini OIVga tekshirish bilan qamrab olish darajasini oshirish, shuningdek OIV musbat fuqarolarni retrovirusga qarshi terapiya bilan ta’minlash va virus yuklamasini “nol” ko‘rsatgichga qadar kamaytirish va shunga mos ravishda OIV tarqalishini keskin pasayishiga qaratilgan.

OIV aniqlangan shaxslarni dunyoda tan olingan davolash usuli – retrovirusga qarshi davolash usuli bo‘lib, Respublikamizda bemorlarning 70% dan ortig‘i ushbu davolash usuli bilan qamrab olingan. JSSTning “OIV aniqlanishi bilan davolashni boshlash zarur” degan tavsiyalari asosida bugungi kunda me’yoriy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Hech kimga sir emaski, ko‘pgina mamlakatlarda tibbiyot va iqtisodiyotning yuqori darajada rivojlanganligiga qaramasdan, butun dunyoni qamrab olgan koronavirus pandemiyasi o‘zining turli ayyorona to‘siqlari orqali insoniyatning oddiy turmush tarzini butunlay o‘zgartirib yubordi. Koronavirus pandemiyasi davrida ayrim tashkilotlar karantinga yopilishiga to‘g‘ri keldi. Toshkent viloyati OITSga qarshi kurash markazi karantinga yopilgan davrda, Respublika OITSga qarshi kurash markazi ma’muriyati tomonidan Toshkent viloyati OITSga qarshi kurash markazi faoliyatini to‘xtatmaslik, bemorlarga tibbiy yordamni o‘z vaqtida yetkazib berish, RQT bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida, Chirchiq shahar tibbiyot birlashmasida vaqtincha Toshkent viloyat OITSga karshi kurash markazi tashkil etildi va zahira hisobidan bemorlar dorilar bilan ta’minlandi.

Karantin tufayli o‘z yashash joylariga borishi cheklangan bemorlarga retrovirusga qarshi dorilar 3 oylik zahira bilan avtoulovlar tashkil etilib, bemorlar xonadonlariga etkazib berildi.

Pandemiya davrida o‘z vataniga qaytib kelgan 261394 nafar mehnat muxojirlarining 80% ga yaqini OIV infektsiyasiga tekshiruvlar bilan qamrab olindi va OIV aniqlangan holatlarda dispanser nazoratiga olindi.

2006 yildan boshlab JSSTning tavsiyalariga muvofiq, OIV infektsiyasining onadan bolaga yuqishini oldini olish dasturi joriy etilgan. Unga ko‘ra har yili o‘rtacha 600 ming homilador OIV infektsiyasiga tekshiriladi. OIV infektsiyali ayollardan har yili o‘rtacha 550-600 nafar chaqaloq tug‘iladi va ularga OIV infektsiyasini onadan bolaga o‘tishini oldini olish maqsadida, retrovirusga qarshi dorilar o‘z vaqtida berib boriladi. OIV infektsiyasining onadan bolaga o‘tishini oldini olish maqsadida tug‘ilgan chaqaloqlar (6 oylikkacha) sun’iy oziqlantirish (quruq sut) bilan ta’minlanadi. OIV infektsiyasini onadan bolaga o‘tishini oldini olish maqsadida retrovirusga qarshi profilaktikani joriy etish tufayli, profilaktika samaradorligi 2018 yilda 99,7%ni tashkil etdi.

Pandemiya sharoitida bemorlarga qulaylik yaratish maqsadida OIV infektsiyali onalardan tug‘ilgan bolalarga quruq sut aralashmalari oylik ehtiyojidan kelib chiqib, 3 oylik zahirasi bilan tarqatildi.

Respublikada 78 ta OIV diagnostika laboratoriyalari faoliyat olib bormoqda, ulardan 15 tasi OITSga qarshi kurash markazlaridagi laboratoriya komplekslari va 63 ta tumanlararo laboratoriyalardir. Ushbu laboratoriyalarda IFA, immunoblot, PTsR, immunologik, klinik, bioximik va bakteriologik tekshiruvlar o‘tkaziladi. Davlatimiz tomonidan laboratoriyalarni test-sistema va regentlar bilan ta’minlash uchun har yili 8 mlrd. sum va 800 ming AQSh dollari ajratilmoqda. Global Jamg‘arma tomonidan 650 ming AQSh dollari ajratilib, laboratoriyalar yanada zamonaviy bo‘lgan uskunalar bilan ta’minlandi.

Pandemiya sharoitida Respublika va hududiy OITSga qarshi kurash markazlarining laboratoriyalarida COVID-19 infektsiyasiga PTsR usulida 800 mingdan ortiq shaxslarda tekshiruvlar o‘tkazildi.

OIV infektsiyasini oldini olishda yangicha yondashuvni amalga oshirish maqsadida Telegramm va Feysbuk ijtimoiy tarmoqlarida OITSga qarshi kurash markazlari kanallari ochilib, eng so‘nggi yangiliklar va profilaktik maqsadlarda aholi xabardorligini oshirib borish yo‘lga qo‘yildi. 6 ta mavzuga oid yangi videroliklar ishlab chiqilib, profilaktik maqsadlarda namoyish etildi.

2020 yilning 9 oyi davomida “Ishonch xona”larga pandemiya bo‘lishiga qaramay 28 ming nafardan ortiq murojaatlar bo‘lgan va ularga kasallik yuqish xavfini kamaytiruvchi profilaktik vositalar tarqatilgan.
OIV infektsiyasini Respublikamizda tarqalishini oldini olish maqsadida YuNEYDS, YuNISEF, YuNODK, Chegara bilmas shifokorlar, YuNFPA kabi xalqaro tashkilotlar bilan bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni yuqorida ta’kidlanganidek har yili 1 dekabrda nishonlanadi. Dunyo bo‘ylab odamlar OIV bilan kasallanganlarni qo‘llab-quvvatlash uchun birlashadilar va OITS bilan bog‘liq kasalliklardan vafot etganlarni eslaydilar.

2020 yilda butun dunyo hamjamiyati bor e’tiborini COVID-19 pandemiyasini odamlar hayoti va farovonligiga qanday ta’sir ko‘rsatayotganligiga qaratdi. Ushbu pandemiya bizga yana bir bor sog‘liqni saqlash inson huquqlari, gender tengligi, ijtimoiy himoya va iqtisodiy o‘sish kabi boshqa muhim masalalar bilan chambarchas bog‘liqligini ko‘rsatdi. Shuning uchun, bu yil butunjahon OITSga qarshi kurash kuni shiori «Xalqaro birdamlik, umumiy javobgarlik» deb belgilandi.

Respublika OITSga qarshi kurash markazi direktori o‘rinbosari, Gulifar Normuratova