Joriy yilning 17 dekabr kuni Toshkent davlat transport universitetida muassasa professor-o‘qituvchilari, ishchi xodimlari uchun O‘zbekiston transport, yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi hamda Toshkent shahar kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi Kengashi ishtirokida “Siz kasaba uyushmasini bilasizmi?” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston transport, yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi o‘rinbosari Bahodir Sultonov tarmoq kasaba uyushmasida so‘nggi yillarda olib borilayotgan islohotlar, tarmoq tasarrufidagi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari faoliyatini tashkil etishi masalalarida yo‘lga qo‘yilayotgan amaliy tadbirlar, kasaba uyushma tashkilotlari a’zolariga yaratib berilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi imtiyozlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Shu bilan birga davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning tashabbusi bilan respublikamizning turli hududlarida keng miqyosda amalga oshirib kelinayotgan yangilanishlar, aholining moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj qismiga har taraflama yordam ko‘rsatishdek ezgu saxovatli ishlarda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va tarmoq, hududiy kasaba uyushma tashkilotlarining o‘rni, ular tomonidan olib borilayotgan ijtimoiy tadbirlar xususida ma’lumotlarni keltirdi.

Toshkent shahar kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi Kengashi raisi o‘rinbosari Abror Tursunaliev Toshkent shahar Kengashi tomonidan korxona va tashkilotlarda ishchi-xodimlarning mehnat sharoitlarini yaxshilash, ayollar va yosh mutaxassislarga yaratib berilayotgan qo‘shimcha imtiyozlar, kasaba uyushmasi a’zolari orasida amalga oshirib kelinayotgan turli madaniy-ma’rifiy va sport-sog‘lomlashtirish tadbirlarining tashkil etilishi haqida gapirib o‘tdi.


Toshkent davlat transport universiteti kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Ilyos Xolboev universitetning yangi tuzilmasini shakllantirishda boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotining tashkil etish jarayoni, tashkilotda ishchi-xodimlar va ish beruvchi orasidagi mehnatga oid ijtimoiy-iqtisodiy huquq hamda majburiyatlarni tartibga soluvchi, kasaba uyushma a’zolarining mehnat munosabatlarini ifodalaydigan asosiy hujjat hisoblangan “Jamoa shartnomasi” loyihasining tayyorlanishi, ushbu hujjatning jamoa a’zolari muhokamasidan o‘tkazilishi, kasaba uyushma qo‘mitasi vakillari va ish beruvchi tomonidan imzolanishi masalalariga alohida to‘xtaldi.

Toshkent shahar kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi Kengashi mas’ul xodimi Ravshan Mahammadaliev kasaba uyushma tashkilotlarida bugungi kunda amalga oshirib kelinayotgan ishlar, kasaba uyushma tashkilotlari a’zolarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan amaliy chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.

Jonli va samimiy ruhda o‘tgan tadbir yakunida kasaba uyushma tashkilotining asosiy faoliyat yo‘nalishlari va tashkilotning ustuvor maqsadlari haqida ishtirokchilar tomonidan berilgan muhim va qiziqarli savollarga ma’ruzachilar o‘z vakolati doirasida javoblar berishdi.

Ilyos Xolboev,
Universiteti kasaba
uyushma qo‘mitasi raisi