Respublika transport sohasi uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash tizimini ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlar asosida tubdan takomillashtirish, o‘quv jarayoniga o‘qitishning innovatsion shakl va metodlari hamda zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini keng joriy etish, shuningdek, tarmoq ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ilmiy salohiyatini yanada oshirish maqsadida, 04.05.2020da  qabul qilingan “Transport sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining qarori asosida Toshkent davlat transport universiteti tashkil etildi. Universitet tarkibi qayta shakllantirilib, bir qancha yangi fakultetlar tashkil etildi. “Elektrotexnika va kompyuter muhandisligi” fakulteti ham yangi tashkil etilgan fakultet bo’lib, fakultetga texnika fanlar nomzodi, dotsent Ya.O.Ruzmetov fakultet dekani etib tayinlandi.

Fakultet tarkibida to’rtta kafedra muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda. Bular “Avtomatika va telemexanika”, “Elektr ta’minoti”, “Elektrotexnika” va “Radioelektron qurilmalar va tizimlar”  kafedralari ixtisoslashgan mutaxassislar tayyorlovchi kafedralar bo‘lib, mazkur kafedralarda 60 nafarga yaqin professor-o‘qituvchilar faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularning 43 foizdan ko‘prog‘ini ilmiy unvon va darajaga ega, yetuk pedagog-olimlar tashkil etadi. Fakultet respublikamiz temir yo‘l transporti va iqtisodiyotning boshqa sohalari uchun to‘rt yo‘nalish “Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish”, “Elektr energetikasi”, “Elektr texnikasi, elektr mexanikasi va elektr texnologiyalari” va “Radio elektron qurilmalar va tizimlar” yo’nalishlari bo‘yicha bakalavrlar va “Temir yo’l transportida avtomatika va telemexanika”, “Radio elektron qurilmalar va tizimlar” va “Elektr ta’minoti” mutaxassisligi bo‘yicha magistrlar tayyorlab kelmoqda. Tahsil olayotgan talabalar soni 1000 nafardan ziyod.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan berilayotgan moliyaviy ko‘mak evaziga, fakultet tasarrufidagi o‘quv-laboratoriyalar zamonaviy tarzda jihozlanmoqda va xar tomonlama mutaxassislar tayyorlashga qo‘yiladigan barcha talablarga javob beradigan darajaga keltirilmoqda. Xozirda fakultet professor-o‘qituvchilarining asosiy diqqat e’tibori Radio elektron qurilmalar va tizimlar; Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish; Elektr texnikasi, elektr mexanikasi va elektr texnologiyalari; Elektr energetikasi yo‘nalishlari bo‘yicha tayyorlanayotgan mutaxassislar “sifati”ni yanada yaxshilashga qaratilgan. Buning uchun fakultetda talabalar o‘rganadigan 80dan ziyod fanlar uchun ma’ruza matnlari, o‘quv va ishchi dasturlar, amaliyot mashg‘ulotlari, kurs loyiha ishlari, barcha turdagi amaliyotlar, malakaviy bitiruv ishlari va magisterlik dissertatsiyalari uchun uslubiy ko‘rsatmalar ishlab chiqilgan. O‘quv jarayonida ilg‘or pedagogik texnologiyalar, interaktiv ta’lim usullardan keng foydalanilmoqda. Mustaqil va kurs loyiha ishlari, bitiruv malakaviy ishlarni bajarishda informatsion texnologiya vositalaridan keng foydalanib kelinmoqda. Fakultet faoliyati yagona maqsadga, temir yo‘l transporti uchun etuk kadrlar tayyorlash markazi bo‘lish va sohaning mehnat bozorini malakali mutaxassislar bilan ta’minlashga qaratilgan.