O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Yangi O‘zbekiston» nashridan olindi.

Barchamizga ma’lumki, joriy yilnig 25 dekabr kuni Toshkentdagi «Humo arena»da bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston Yoshlari Forumi”da muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda birinchi bor o‘tkazilayotgan ushbu anjuman bilan barcha yoshlarni tabriklab, “Men har gal yoshlarimiz bilan uchrashganimda sizlarning g‘ayrat-shijoatingizdan kuch-quvvat olaman, ko‘nglim tog‘day ko‘tariladi. Har biringiz jonajon Vatanimiz va xalqimizga sidqidildan xizmat qilish orzusi bilan yonib yashayotganingizni yaxshi bilaman. Sizlarni O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi sifatida qadrlayman”, – deya Yangi O‘zbekiston yoshlariga qarata samimiy munosabat bildirib o‘tdilar. Hayotda endigina o‘z yo‘lini izlayotgan, har imkoniyatga umid bilan qarayotgan yoshlar uchun prezident bilan uchrashuv – katta voqea.

Darhaqiqat, yurtimizda qanday islohotlarga qo‘l urmaylik, avvalo, siz kabi yoshlarga, sizlarning kuch-g‘ayratingiz, azmu shijoatingizga suyanamiz. Barchangiz yaxshi bilasiz, bugun o‘z oldimizga ulkan marralar qo‘yganmiz. Ona Vatanimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga kirishdik. Biz oila, maktabgacha ta’lim, maktab va oliy ta’limni hamda ilmiy-madaniy dargohlarni bo‘lg‘usi Renessansning eng muhim bo‘g‘inlari deb hisoblaymiz. Shu sababli ayni ushbu sohalarda tub islohotlarni amalga oshirmoqdamiz. Ishonamanki, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi poydevorini yaratishda sizlar singari fidoyi va vatanparvar yoshlarimiz faol ishtirok etib, munosib hissa qo‘shadilar.

Davlatimiz rahbari koronavirus pandemiyasi davrida yoshlar xalq dardiga darmon bo‘lgani, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatida ko‘ngilli sifatida qatnashib, qiynalgan oilalarga amaliy yordam berganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Haqiqatdan ham mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi davrida yurtimiz yoshlari qatorida universitet talaba-yoshlaridan iborat ko‘ngillilar guruhi tashkil etilib, qiynalgan va muhtoj oilalarga amaliy va insonparvarlik yordamlari diqqatga sazavor.

Ushbu Forumda, “Yoshlar: 1+1” dasturi doirasida ishsiz va uyushmagan yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish tashkil etilishi qayt etib o‘tildi. Ya’ni, bugungi kunda ishsiz yurgan yoshlarimizni ham tomonlama qo‘llab quvvatlash maqsadida “Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tamoyili asosida 1 nafar tadbirkorga 1 nafardan ishsiz yoshni biriktirish tashabbusi ko‘plab tadbirkorlarimiz tomonidan faol qo‘llab-quvvatlandi. 2021 yilda kamida 500 ming nafar yoshni ish bilan ta’minlashi mumkin bo‘lgan bu ezgu harakatni davlatimiz rahbari tomonidan ma’qullanganligi yurtimiz yoshlariga yanada g‘urur va kelejakka bo‘lgan ishonch, mamlakatimizda isteqomat qilayotgan barcha yoshlar Prezident e’tiborida ekanligidan dalolat beradi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev forum doirasida yoshlar bilan uchrashib, muloqot qildi. Uchrashuvda yoshlarni qiynayotgan muammolar yechimiga oid rejalar bayon qilindi, vazifalar belgilandi. Avvaliga e’lon qilingan yangiliklarning ayrimlarini sanab o‘tsak:

Birinchidan, ikki va undan ortiq farzandi oliy o‘quv yurtida shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalarga imtiyozli ta’lim krediti berish yo‘lga qo‘yiladi. Bu kreditlarni yoshlar OTMni bitirib, ishlashni boshlaganlaridan keyin uzishi mumkin bo‘ladi.

Ikkinchidan, 2021 yildan OTMlarga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yosh uchun Prezident granti joriy etiladi. Hozirgi Prezident stipendiyasi faqat bir o‘quv yili uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, ushbu grant mablag‘lari to‘rt yil davomida to‘lab boriladi.

Uchinchidan, IELTS, TOEFL, GMAT va SAT kabi imtihonlarda maksimal ballning kamida 75 foizini to‘plagan yoshlarning imtihon xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.

To‘rtinchidan, Hukumatga yosh kadrlar uchun belgilangan sinov muddati davrida ish beruvchilarga imtiyozlar taqdim etish masalasini ko‘rib chiqish vazifasi topshirildi.

Beshinchidan, yoshlarning loyihalarini moliyalashtirish uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshida alohida jamg‘arma tashkil etiladi va unga 100 million dollar mablag‘ ajratiladi.

Oltinchidan, tashkil etiladigan Jamg‘arma yoshlarning loyihalarini qulay shartlarda va past foizlarda moliyalashtiradi. Bundan tashqari, kichik sanoat zonalarida ishlab chiqarish binolari qurilib, yoshlarga imtiyozli shartlarda ijara va lizing asosida beriladi.

Yettinchidan, kasb-hunar hamda tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish orqali maxsus sertifikat olgan yoshlarga Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz past stavkada mikrokreditlar ajratiladi. Bu kreditlar 7 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan beriladi. Bu maqsadlar uchun 2021 yilda 45 million dollar ajratiladi.

Sakkizinchidan, Toshkent shahrida zamonaviy muhtasham Kutubxona barpo etiladi va bu ma’rifat saroyi ilm-fanning so‘nggi yutuqlari asosida jihozlanadi.

To‘qqizindichan, Maktab o‘quvchilari va oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida «Bo‘lajak olim» tanlovini tashkil qilish orqali yoshlarning eng yaxshi innovatsion hamda startap loyihalariga 50 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Mazkur Forumda davlatimiz rahbari o‘z ma’ruzalarida, “Bugun o‘z tengdoshlariga ibrat bo‘layotgan, jamiyatdagi yangilanishlar jarayonida faol ishtirok etayotgan yoshlarimiz juda ko‘p. Lekin, hayotda o‘z o‘rnini topishga qiynalayotgan, adashgan, ko‘makka muhtojlari ham yo‘q emas. Shuning uchun yoshlar, ayniqsa, ularning uyushmagan qatlami bilan mas’ullar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatishga xizmat qiladigan “Yoshlar murojaati” elektron platformasini yaratish vazifasi topshiriladi”, – deya ta’kidlab o‘tdilar davlat rahbari. Bu albatta, yurtimiz yoshlarini jumladan, uyushmagan qatlami bilan doimo muloqat qilish imkoniyatini tug‘dirib, yoshlar va davlat o‘rtasidagi muhim ijtimoiy ko‘prik vazifasini belgilaydi.

Shuningdek, ushbu uchrashuvda, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlash va yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlash ham ustuvor vazifalardan biri. O‘tgan uch yil mobaynida mamlakatimiz bo‘yicha 5 ming 100 tadan ortiq namunali yosh oilaga arzon uy-joylar qurilib, qariyb 200 milliard so‘m miqdorida boshlang‘ich badal pullari to‘lab berildi. Buning mantiqiy davomi sifatida 2021-2023 yillarda “Yoshlar uylari”ni qurish dasturini ishlab chiqib, amalga oshirish vazifasi belgilanligi alohida qayd etib o‘tildi.

O‘zbekiston Yoshlari Forumi yakuni Prezident Sh.Mirziyoyev yoshlarga qarata, “Bir soniya ham vaqtingiz bekor o‘tmasin! Yoshlik – umrning eng bebaho davri. Ilm o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik ekanini aslo unutmang! Sizlar ­– mustaqillik farzandlarisiz. Ota-bobolaringiz ko‘rgan to‘siq va qiyinchiliklarni ko‘rmay, ozod Vatanda erkin nafas olib, voyaga yetyapsizlar. Yuksak maqsadlar yo‘lida siz – yoshlar hal qiluvchi kuch bo‘lishingiz kerak. Men sizlarning zimmangizga yuklangan ana shunday ulkan mas’uliyatni, tom ma’nodagi tarixiy vazifani sharaf bilan ado etishingizga qat’iy ishonaman”, – deya Yangi O‘zbekiston va 3-Renessans davrini yoshlar bilan birgalikda bunyod etishimiz kerakligi haqidagi ustivor vazifalarni belgilab berdilar.

Ravshonbek Xudayberganov,

“Ijtimoiy fanlari” kafedrasi dotsenti.