Rasman test sinovlari 5 avgustdan boshlanadi

Pandemiya sharoitidagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, 2021/2022 o’quv yili qabulida oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari 5 avgustdan (qoida tariqasida, kuniga ikki smenada:
1-smena 07:00 dan
2-smena 19:00 dan) boshlanishi hamda test sinovlari ochiq stadion va xiyobonlarda o’tkazilishi belgilandi.

O’zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o’qishga qabul qilish bo’yicha Davlat komissiyasining 2021 yil 26 iyuldagi 2-son bayoni bilan pandemiya sharoitida abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida test topshiriqlari soni maqbullashtirilib, kirish test sinovlariga jami 3 soat vaqt ajratiladigan bo’ldi.

Bunda:
birinchi bo’limdagi majburiy uchta fan – ona tili (o’zbek, rus, qoraqalpoq va boshqa tillar), matematika va O’zbekiston tarixi fanlarining har biriga 10 tadan jami 30 ta test topshiriqlari va umumiy 60 daqiqa belgilanadi;

ikkinchi bo’limdagi abituriyent tanlagan bakalavriat ta’lim yo’nalishiga mos ikkita fanning har biriga 20 tadan jami 40 ta test topshiriklari va umumiy 120 daqiqa belgilanadi;

majburiy uchta fanga jami 63 ball, abityriyent tanlagan bakalavriat ta’lim yo’nalishiga mos ikkita fanga jami 126 ball, umumiy – 189 ball belgilanadi.