Oʻzbek Toshkent shahar Mirobod tumani Temiryo'lchilar ko’chasi 1-uy | rektorat@tstu.ru | +998 71-299-00-01 | +998 71 293-57-54

Davlat statistika qoʻmitasida transport iqtisodiyoti magistrantlari uchun ochiq muloqot tashkil etildi

Davlat statistika qoʻmitasida transport iqtisodiyoti magistrantlari uchun ochiq muloqot tashkil etildi

Joriy yilning 21-iyun kuni Transport iqtisodiyoti kafedrasi bitiruvchi kurs magistrantlari va ularning ilmiy rahbarlari, Transport iqtisodiyoti kafedrasi ilmiy tadqiqotchilari hamda Davlat statistika qoʻmitasi markaziy apparat xodimlarining ochiq muloqoti boʻlib oʻtdi.

Transport iqtisodiyoti kafedrasi hamda Davlat statistika qoʻmitasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu uchrashuvdan koʻzlangan asosiy maqsad – magistrlik dissertatsiyasining tahliliy qismini tayyorlash uchun zaruriy materiallarni toʻplash, iqtisodiy-moliyaviy koʻrsatkichlarini tahlil qilish boʻyicha amaliy koʻnikmalarni yanada rivojlantirish, transport iqtisodiyoti ilmiy tadqiqot sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan tavsiyalar, taklif va mulohazalar asosida mavjud muammolarga birgalikda yechim izlash boʻldi.

Tadbir avvalida soʻzga chiqqan Transport iqtisodiyoti kafedrasi mudiri, dotsent Saodat Yuldasheva yigʻilish ishtirokchilarini “ fan va ishlab chiqarish uygʻunligi” tamoyili asosida magistrant va doktorantga qoʻshimcha qulayliklar yaratish yoʻlida oʻzaro hamkorlikda ishlashga chaqirdi:
“Barchamizning oldimizda turgan masalalardan, eng muhimi, ustuvor yoʻnalishni toʻgʻri aniqlab olishdir. Bizning soha shundayki, bir yangilikni qildim, shuning oʻzi yetadi deb, toʻxtab qololmaymiz. Transport va ushbu soha bilan bogʻliq jarayonlari shunchalar shiddat bilan rivojlanyaptiki, transport innovatsiyasini aholimiz tabiiy narsadek qabul qilmoqda. Chunki bu – zamon talabi. Yurtimizda transport sohasiga hamohang ilmiy tadqiqot ishlarimiz rivojlanishiga erishish uchun doimiy izlanishda boʻlishimiz va yangiliklarni joriy etishimiz lozim. Shu sababli bugungi uchrashuvimiz barchangiz uchun foydali boʻladi degan umiddaman…”

Oʻzaro erkin muloqot davomida transport sohasi statistikasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, statistikaning muammolari va ularning yechimlari xususida, transport sohasi statistikasi maʼlumotlarini izlash va foydalanish yuzasidan Davlat statistika qoʻmitasi Xizmat sohasi statistikasi boshqarmasi boshligʻi Abdugʻofur Mirzoxidov zarur tavsiyalari bilan oʻrtoqlashdi.

Ochiq muloqotda rasmiy statistikaning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash borasidagi islohotlarning natijadorligi, foydalanuvchilarning ishonchli, sifatli va dolzarb rasmiy statistik maʼlumotlarga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish haqida maʼlumotlar berildi.

Yigʻilganlar qizgʻin savol-javoblarga boy va bahs-munozarali kechgan bugungi uchrashuvni sohadagi muammolarni oʻrganishda muhim deb topib, bu kabi tadbirlarni muntazam tashkillashtirib borish va oʻzaro fikr almashib turishga kelishib olindi.

✅Bizning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizni kuzatib boring!