Oʻzbek Toshkent shahar Mirobod tumani Temiryo'lchilar ko’chasi 1-uy | rektorat@tstu.ru | +998 71-299-00-01 | +998 71 293-57-54

Ildam odimlayotgan O’zbekiston

Ildam odimlayotgan O’zbekiston

O’zbekiston jahondagi davlatlar bilan integratsiyalashuvga, ayniqsa, qo’shni davlatlar bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Qo’shni davlatlar biz uchun strategik muhim ahamiyatga ega bo’lib iqtisodiy barqarorligimizni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
O’tgan yilda Turkmanistonning Ashxobod shahrida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 15-sammiti bo’lib o’tgan edi. Bu galgi sammitning asosiy mavzusi IHTni jadal rivojlanayotgan tashkilot sifatida mustahkamlashga qaratilgan ko’p tomonlama sheriklikni yanada kengaytirish, unga a’zo davlatlar o’rtasidagi hamkorlikni savdo, transport-kommunikatsiyaviy o’zaro bog’liqlik, sanoat kooperatsiyasi, “yashil” iqtisodiyot va turizm sohalarida rivojlantirish kabi yo’nalishlar bo’ldi.

Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev sammitdagi nutqida “Tarixi, dini, urf-odat va an’analari yaqin bo’lgan birodar xalqlarimiz azaldan savdo-sotiq aloqalari va madaniy rishtalar bilan chambarchas bog’langan. Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti o’tgan davr mobaynida ulkan iqtisodiy salohiyatga ega yirik mintaqaviy tuzilmaga aylandi”, deb takidlab o’tdi. So’nggi yillarda mamalakatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan ochiqlik siyosati natijasida IHTga a’zo mamlakatlar bilan savdo aylanmasi sezilarli darajada oshdi. Birgina Afg’oniston misolida, 2016 yilda O’zbekiston va Afg’oniston o’rtasidagi savdo aylanmasi 519,7 mln. dollarni tashkil etgan bo’lsa, 2020 yilga kelib savdo aylanmasi 779,1 mln. dollarni tashkil etdi. Pandemiya sababli o’rnatilgan cheklovlar natijasida mamlakatimiz tashqi savdo aylanmasi 2020 yilda 13 foizga kamayishiga qaramasdan Afg’oniston bilan savdo aylanma 25,8 foizga oshgan.

Shuningdek, davlatimiz rahbari o’z nutqida “500 milliondan ortiq aholi yashaydigan, ulkan bozorga ega bo’lgan mamlakatlarimizning savdo va investitsiya sohalaridagi katta imkoniyatlaridan to’liq foydalanish zarur. Qabul qilingan “IHT istiqbollari – 2025” kontseptual dasturi asosida, mamlakatlarimiz o’rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalarini yanada kengaytirish va eng muhimi, amaliy natijadorlikka erishish” masalalariga alohida to’xtalib o’tgan edi.

Hozirgi axborot va yangi texnologiyalar asrida har qanday mamlakatni rivojlantirishda va xalq farovonligi darajasini oshirishda investitsiyalar zarur ahamiyat kasb etmoqda. Mamlakatimizning so’nggi yillardagi investitsion jozibadorligi ham ortib bormoqda. Xususan, 2020 yilda to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar hisobidan o’zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 28,7 trillion so’mni tashkil etgan. Bu investitsiyalar mamlakatimiz ravnaqi uchun xizmat qilmoqda.

Tashkilot doirasida muayyan sohani rivojlantirish bo’yicha har yilga nom berish an’anasini joriy etish tashabbusi bildirildi. Prezidentimiz IHTda 2022 yilni O’zaro uzviy bog’liqlikni mustahkamlash yili, deb e’lon qilishni taklif etdi. Davlatlar va hukumatlar rahbarlari hamda tashkilot bosh kotibi O’zbekistonni 2022 yilda IHTga raislikni qabul qilib olgani bilan tabrikladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev uchrashuv ishtirokchilarini O’zbekistonda o’tkaziladigan navbatdagi sammitga taklif qildi.

A.Gulamov,
Toshkent davlat transport universiteti prorektori.
O’zA

✅Bizning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizni kuzatib boring!