OʻzbekEnglishРусский Toshkent shahar Mirobod tumani Temiryo'lchilar ko’chasi 1-uy | rektorat@tstu.ru | +998 71-299-00-01 | +998 71 293-57-54

Jamoat transportlaridan foydalanishning qulay tizimi yaratilmoqda

Toshkent davlat transport universitetida Transport vazirligi, viloyat, shaharlar hokimliklari vakillari hamda universitet olimlar ishtirokida o‘tgan seminar jamoat transportlaridan foydalanishning qulay tizimi yaratish kontseptsiya muhokamasiga bag‘ishlandi.

Transport vositalari harakatlanadigan ko‘chalardagi uzundan-uzun tirbandliklar aksariyat poytaxt shaharlarga xos. So‘nggi yillarda Toshkent shahrida ham bu odatiy holga aylanib bormoqda. Mazkur holat bevosita aholi hamda avtomobillar sonining o‘sishi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishlarning jadallashuvi natijasida transport tizimiga tushadigan yuklamalarning ortishi bilan bog‘liq.

Birgina misol, oxirgi 10 yilda shaharda avtomobillar soni 250 mingtadan 510 mingtaga oshgan bo‘lsa, har kuni poytaxt ko‘chalariga chiqadigan transport vositalari 600 mingni tashkil etmoqda. Shunga mos tarzda transport infratuzilmasi rivojlanib boryapti, ammo yo‘l harakatini tartibga solish tizimida echimini kutayotgan muammolar yetarlicha. Shu bois, davlatimiz rahbari xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda Toshkent shahrida jamoat transporti tizimi va infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Joriy yilning 23 noyabr kuni Prezidentimiz Toshkent shahrida yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirishga oid kontseptsiya taqdimoti bilan tanishdi. Toshkent davlat transport universitetida Transport vazirligi, viloyat, shaharlar hokimliklari vakillari hamda universitet olimlar ishtirokida o‘tgan seminar ana shu kontseptsiya muhokamasiga bag‘ishlandi.

Tadbirda Toshkent shahar hokimligi va Turkiyaning “Kalyon” injenerlik kompaniyasi o‘rtasida imzolangan hamkorlik shartnomasi asosida ishlab chiqilgan Poytaxt ko‘chalarining transport master rejasi namoyish etildi. Uni ishlab chiqishda avvalo, geoinformatsion tizim orqali transport va yo‘lovchilar oqimi tahlil qilinib, avtomobillarga yuklamalar tushirishi mumkin bo‘lgan barcha ob’ektlarning yagona geografik ma’lumotlar sistemasi (GIS) bazasi yaratilgani ta’kidlandi. Aholining asosiy harakatlanish yo‘nalishlari raqamli yagona bazaga kiritildi.

— Loyihaning asosiy maqsadi katta shaharlarda transportlar harakatining ortishi natijasida yuzaga keladigan muammolarning ilmiy yechimini topishga qaratilgan, — dedi Transport vazirligi huzuridagi Transport muammolarini o‘rganish markazi direktori Murod Obidov. — Shu asnoda aholi uchun sifatli va qulay transport tizimini joriy etish bo‘yicha bir qator takliflar ham ishlab chiqildi. Birinchisi, jamoat transport yo‘nalishlarini 3 toifa — etkazib beruvchi (7 kilometrgacha), bog‘lovchi (15 kilometrgacha) va magistral (15 kilometrgacha)ga ajratish hamda ularni mavjud va istiqboldagi metro bekatlariga bog‘lash ko‘zda tutilgan. Ularning har biri uchun alohida to‘lov ta’riflari ham o‘ylandi. Eltish masofasidan kelib chiqqan holda etkazib beruvchi yo‘nalish uchun 700 so‘m, bog‘lovchi yo‘nalishda 980 so‘m, magistral yo‘nalishlarda 1400 so‘m etib belgilash taklif qilinmoqda. Bunda adolat tizimi o‘rnatilib, yo‘lovchilar harakatlangan masofasi asosida pul to‘laydi.

Kontseptsual modelga ko‘ra, Toshkent shahridagi metro liniyalari bormagan 7 ta asosiy ko‘chadan markazga kirib keluvchi magistral yo‘nalishlar tarmog‘i shakllantiriladi. Ularga olib chiquvchi kichik marshutlar ham joriy etiladi. Avtobuslar harakatlanishi uchun maxsus yo‘laklar tashkil etiladi.

Jarayonda shuningdek, 200 ta yirik chorraxalardagi mavjud yuklamalar tahlil qilinib, ularning arxitekturasi va svetaforlar fazasini o‘zgartirish, modellashtirish orqali ularning o‘tkazuvchanlik darajasini oshirish, yo‘l belgisi, yo‘l ko‘rsatkichlarini o‘rnatish, svetoforlar faoliyatini o‘zgartirish kontseptsiyalari ham ishlab chiqilmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur ishlar davomida 600 kilometrlik avtomobil yo‘llari o‘rganilib, ularda 7 256 ta yo‘l belgisi, 1 224 ta svetofor, 598 ta piyodalar o‘tish joyi, 59 ta er osti va 7 ta er usti o‘tish joylari, 1 900 ta avtobus oraliq bekatlari, 20 ta ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar borligi aniqlandi.

Loyihaning yana bir ahamiyatli tomoni, belgilangan 7 ta ko‘chada avtobuslar harakatlanishi uchun maxsus yo‘laklar yaratiladi. Xorij tajribasida ommalashgan tizim ko‘chalardagi har qanday tirbandlik sharoitida yo‘lovchilarni manziliga qisqa vaqtda etkazib qo‘yishni ta’minlaydi. Hozirda yangi ta’mirlanayotgan yo‘llar, xususan, Farg‘ona ko‘chasida avtobuslar uchun yo‘laklar qurish ishlari boshlangan. Mutaxassislar kelasi yildan bu ishlarni jadallashtirib, 4 ta alohida yo‘laklar orqali shahar chetlarini markazga bog‘laydigan yo‘nalish tizimlarini joriy etishni rejalashtirgan. Ushbu tadbirlarni amalga oshirish orqali yo‘nalishdagi avtobuslarning harakatlanish tezligi 25 foizga oshib, jamoat transportida eng uzoq magistral yo‘nalish bo‘yicha harakatlanish o‘rtacha 45 foizga kamayadi.

Seminarda loyiha taqdimotini namoyish etgan turkiyalik mutaxassis, “Kalyon” injenerlik kompaniyasi rahbari Jihat Kalyonjo‘g‘lu yaratilgan kontseptsiya bir qancha yo‘nalishlarni qamrab olishi va ularning barchasi bir-biriga bog‘liqligini ta’kidladi.

— Biz 25 kishidan iborat jamoamiz bilan birgalikda 1 yildan buyon Toshkentda ana shu loyiha ustida ishlayapmiz, — dedi Jihat Kalyonjo‘g‘lu. — Bu erda birinchi duch kelgan muammoimiz Toshkent shahridagi 14 ta tuman va butun respublikada yo‘l-ko‘chalarga oid ma’lumotlarning raqamli emasligi bo‘ldi. Shu bois, ishni avvalo, Geografik ma’lumotlar sistemasi (GIS)ni yaratishdan boshladik. Keyin shahar transportidan foydalanish tizimi, velosiped yo‘laklari, madaniyat yo‘li, chorraxalar dizayni, avtomobilь to‘xtash joylari muammosi, yuk tashish va avtomatik to‘lov tizimi, taksilar boshqaruvi, BRT tizimini ishlab chiqishga kirishdik. Hozirga qadar sezilarli ishlar amalga oshirildi. Xususan, qisqa vaqt ichida 13,9 kilometr uzunlikda velosiped yo‘llari qurildi. Kelgusi 3 yilda yana 600 kilometrga yaqin veloyo‘laklarni qurib bitkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, jamoat transportlarida to‘lovlarni amalga oshirishda asta-sekin naqd pul o‘rniga elektron kartalarga o‘tilmoqda. Bu amaliyot kelasi yilning oxiriga qadar barcha viloyatlarda joriy etiladi.

Avtomatlashtirilgan to‘lov tizimining yo‘lga qo‘yilishi konduktor o‘rinlarining qisqarishi, bu orqali ortiqcha xarajatlarning kamayishiga olib keladi. Hozirgi kunda “Toshshahartransxizmat” tizimida 10 216 nafar ishchi xodim ishlayotgan bo‘lsa, elektron to‘lov to‘liq joriy qilingach, bu raqam 5224 nafarga tushadi.

Belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun jahon tajribasidagi kabi barcha transport vositalarini yagona boshqaruv tizimi nazorat qilishiga to‘g‘ri keladi. Shu jihatdan, “Toshshahartransxizmat” hamda “Toshkent metropoliten” korxonalari umulashtirilib, Toshkent shahar transport boshqarmasiga berilishi ko‘zda tutilgan. Mazkur chora-tadbirlar Toshkent shahrida jamoat transportidan foydalanish jozibadorligini yanada oshirish, aholi uchun sifatli va qulay transport tizimini yaratishga xizmat qiladi.