Oʻzbek Toshkent shahar Mirobod tumani Temiryo'lchilar ko’chasi 1-uy | rektorat@tstu.ru | +998 71-299-00-01 | +998 71 293-57-54

Ko’priksozlar uchun o’quv-seminar o’tkazilmoqda

Ko’priksozlar uchun o’quv-seminar o’tkazilmoqda

Xabar berganimizdek, Transport vazirligi shafeligida Toshkent davlat transport universiteti zamonaviy yo’l o’tkazgichlar va ko’priklarni loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi bo’yicha xalqaro tajribalarni o’rganish maqsadida qisqa, o’rta va uzoq muddatli ta’lim dasturlarini tashkil etish taklifini bergandi.

2021 yil 5 – 9 iyul kunlari Transport vazirligi va Toshkent davlat transport universiteti bilan hamkorlikda zamonaviy ko’prik qurilish sohasida zaruriy bilim va ko’nikmalarini oshirib borish maqsadida xorijlik va mahalliy ekspertlar ishtirokida 1 haftalik o’quv seminar-trening tashkil etildi.

Ta’kidlash joizki, transport va yo’l xo’jaligi sohasida faoliyat yuritayotgan ko’prikchi mutaxassis xodimlarni, shuningdek Toshkent davlat transport universiteti doktorant va magistrlarini o’qitish va ularning malakasini oshirib borish tizimini joriy qilish vazifasi qo’yilgan va mazkur o’quv kursi aynan shu vazifani amalga oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, zamonaviy ko’prik qurilish sohasida ilmiy yo’nalishlarni rivojlantirish va natijadorligini oshirish maqsadida ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasiga ham e’tibor qaratilgan.

O’quv kursda Avtomobil yo’llari qo’mitasi, Yo’l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspektsiyasi, “Ko’prik qurilish tresti” UK, “Boshtransloyiha” AJ va Toshkent davlat transport universiteti yosh olimlari va magistrlari, jami 50 nafar ishtirokchi ishtirok etmoqda.

O’quv kursining 1-kunida turk mutaxassisi Uzgur Yilmizar ishtirokchilarga Ko’priklar qurilishida geodezik, geologik qidiruv ishlarini tashkil etish. Texnik talablar. Muammolar va yechimlar yutuqlari yuzasidan ma’ruza qildi. Shuningdek, “Allegro Develop Project” MChJ texnik direktori Shuxrat Mirxodjayevning “Zamonaviy ko’priklarni loyihalashda rivojlangan mamlakatlar me’yoriy xujjatlarini qo’llash, ularni mahalliy normativlar asosida adaptatsiya qilish” mavzusidagi ma’ruzasi tinglandi.

Kunning ikkinchi yarimida seminar ishtirokchilari xorijlik mutaxassislar ishtirokida Toshkent shahrida barpo etilayotgan zamonaviy transport inshootlari qurilish jarayonlari bilan tanishdilar. Ko’priksozlar va Transport universiteti vakillari ishlab chiqarish ob’ektida Geodezik va geologik qidiruv ishlarini olib borishni ob’ektda qo’llanilishi yuzasidan fikr almashdi.

Seminar ochiq muloqot shaklda o’tdi, kurs mobaynida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga kurs spikerlari javob berdilar. O’quv kursi davom etmoqda.