English 1-House of Temiryulchilar street of Mirabad District of Tashkent City | rektorat@tstu.ru | +998 71-299-00-01 | +998 71 293-57-54

Harakatlar strategiyasidan – taraqqiyot strategiyasi sari

Harakatlar strategiyasidan – taraqqiyot strategiyasi sari

Globallashgan dunyo iqtisodiyotida transport logistikasi tizimi muhim ahamiyatga ega. Zamon talablariga javob beradigan, mukamal transport logistika tizimi mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishning drayver yoʻnalishlaridan biridir.

Zamonaviy shaharlarda transport inshootlarini loyihalash va qurish ishlari jadal surʼatlar bilan olib borilmoqda. Bu, birinchi navbatda, avtomobillar soni doimiy ravishda koʻpayishi bilan bogʻliq, natijada megapolislarda transport va piyodalar uchun jiddiy muammolar koʻpaymoqda. Shuningdek, avtomobillarning harakatlanishi qiyinlashib bormoqda va bu oʻz navbatida yoʻllarning tirbandligi, aholining koʻzlagan manzilga yetib borishini qiyinlashishiga sabab boʻlmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi PF–60-son Farmoni “2022–2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasi” uchinchi yoʻnalishi “Milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlash”da bir qancha maqsadlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Xususan, 33-maqsadda shaharlardagi aholining turmush tarzi qulayligini baholovchi “Shaharlar qulayligi” indeksini joriy etish; shaharlarni raqamlashtirish, qurilish va loyihalashtirish ishlari sifatini oshirish va “Aqlli shahar” konsepsiyasiga muvofiq rivojlantirish, loyiha va qurilishda BIM texnologiyalaridan foydalanishni tartibga solish; shuningdek, Oliy taʼlim muassasalarida arxitektura-qurilish sohasida olib borilayotgan ilmiy izlanishlarni amaliyot bilan uygʻunlashtirish vazifasi qoʻyilgan. 36-maqsadda Toshkent shahri va hududlarda jamoat transporti tizimini takomillashtirish va uning infratuzilmasini rivojlantirish; tirbandlik yuqori boʻlgan koʻchalarda yoʻl oʻtkazgichlar qurish Konsepsiyasini ishlab chiqish hamda Respublikadagi mavjud 1512 ta taʼmirtalab koʻpriklar va boshqa sunʼiy inshootlarini bosqichma-bosqich qayta qurish va taʼmirlash koʻzda tutilgan.

Mamlakatimiz aholisiga qulay va sifatli transport xizmatlarini koʻrsatish, transport-kommunikatsiya tizimlarining barqaror ishlashini taʼminlash “Taraqqiyot strategiyasini” amalga oshirilishining kummulyativ taʼsiri natijasida yuzaga keladi.

Koʻzda tutilgan maqsadlarni amalga oshirishda oʻzbek koʻpriksozligida, andozaviy loyihalash va qurish prinsiplaridan voz kechib, yangi loyihalash va qurish uslubi – qurilishning monolit usuli Oʻzbekiston Respublikasining regional sharoitlarini hisobga olgan holda amaliyotga joriy etilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi koʻpriksozlik sohasining imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, shaharlarda monolit koʻprik va yoʻl oʻtkazgichlarni loyihalash va qurishning imkoniyati oʻziga xos tadqiqot va ratsional yechim ishlab chiqishni talab qiladi. “Koʻpriklar va tonnellar” kafedrasi professor-oʻqituvchilari va doktorantlari monolit koʻprik va yoʻl oʻtkazgichlarni texnik yechimlarini ishlab chiqish, loyihalash va hisobi boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini respublikadagi loyiha tashkilotlari va qurilish kompaniyalari, shuningdek, xorijiy hamkorlar tashkilotlar bilan faol tarzda amalga oshirmoqda. Bu esa Yangi Oʻzbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini qoʻyishda muhim ahamiyat kasb etadi. Oʻzbekiston Respublikasi koʻpriksozlik sohasining ilmiy asoslangan holda rivojlanishiga zamin yaratadi.

 

“Koʻpriklar va tonnellar” kafedrasi