Oʻzbek Toshkent shahar Mirobod tumani Temiryo'lchilar ko’chasi 1-uy | rektorat@tstu.ru | +998 71-299-00-01 | +998 71 293-57-54

MEN VAKTSINA OLDIM

MEN VAKTSINA OLDIM

Ta’til — charchoqni yozadigan, kuch-quvvatni asliga keltiradigan, qobiliyatni tiklashga yordam beradigan orombahsh davr. Go’zal manzaralardan zavq olish, olisdagi yaqinlarni yo’qlash, sayru sayyohatlarga otlanish imkoniyati. Ta’til davrining barcha ne’matlaridan bahramand bo’lish, hayotning saodatli onlarini ajib xotiralarga bog’lash yana ham totli! Hayotni bekamu ko’st yashab o’tish uchun insonga avvalo sihat-salomatlik zarur.

O’tgan yili yurtimiz bo’ylab koronavirus infektsiyasi tarqalganda, ko’plab hamyurtlarimiz ushbu xastalikdan azob chekdi, yana ko’plab qadrdonlarimiz kasallik tufayli hayotdan bevaqt ko’z yumdi. Afsuski, vafot etgan qarindoshlarimiz, do’stu birodarlarimizni endi qaytarolmaymiz. Endilikda, qo’limizdan keladigan yagona narsa – ehtiyot choralarini ko’rib, o’zimiz va yaqinlarimizni kasallikdan himoya qilishdir.

Men Covid-19 infektsiyasiga qarshi vaktsina oldim. Bu ishni o’z xohish-irodam va hayotiy pozitsiyamga ko’ra amalga oshirdim.

Bugungi kunga kelib, zamon taraqqiy etdi. Qadimda odamzod turmushiga tahdid solgan vabo, ichterlama, qizamiq singari xavfli xastaliklarning oldini olish uchun biz aynan vaktsinaga murojaat etganmiz. Shuningdek, ebola, cho’chqa va parranda grippi singari dahshatli viruslarni jilovlashda ham vaktsina asosiy himoya vazifasini o’tagan.

Covid-19 infektsiyasiga qarshi yaratilgan vaktsina bugungi kunda insoniyatning qalbida o’ziga xos hadik uyg’otayotgani tabiiy, albatta. Negaki, noma’lum narsa har birimizning qalbimizda noma’lum tuyg’ularni uyg’otadi. Darhaqiqat, vaktsinatsiya jarayonining barqaror o’tishi uchun aholiga vaktsina haqida har tomonlama yetarli ma’lumot berish zarur. Faqat shu yo’l bilangina aholi o’rtasida kuchli jamoaviy immunitetni hosil qilishga erishish mumkin bo’ladi.

Hurmatli hamkasblar va qadrli talabalar!
Ayni damda zamonaviy fikrlaydigan ziyolilarning qo’llovi va maslahati har qachongidan ham atrofimizdagilar uchun zarur. Biz yaqinlarimiz, oila a’zolarimizni to’g’ri qaror qabul qilishiga turki bo’laylik. «Men o’zimning hayotiy pozitsiyam va ertangi kunga bo’lgan kuchli ishonchim bois, Covid-19 infektsiyasidan holi bo’lgan sog’lom va barqaror hayotni tanladim. Sizni ham shunga chaqiraman!», deya o’zingiz namuna ko’rsating!

Covid-19 infektsiyasiga qarshi emlashda faol bo’ling!