O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-iyundagi “Oliy ta’lim muassasalariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha davlat granti kvotalari asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 417-son qaroriga binoan:
– nogironligi bo‘lgan shaxslarni (abituriyent) oliy ta’lim muassasalariga qabul qilishning umumiy soniga nisbatan qo‘shimcha ikki foizli davlat granti kvotalari asosida amalga oshiriladi;
– oliy ta’lim muassasalariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha kvota asosida o‘qishga qabul qilish toifasiga umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus ta’lim tashkiloti yoxud boshlang‘ich professional ta’lim kasb-hunar maktabini tugatganligi haqidagi hujjatga hamda I va II guruh nogironligi to‘g‘risida belgilangan tartibda berilgan shakldagi ma’lumotnomaga ega shaxslar kiradi;
– oliy ta’lim muassasalariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha kvota asosida o‘qishga qabul qilish kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon) natijalariga muvofiq amalga oshiriladi;
– nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ajratilgan qo‘shimcha kvotalar asosida qabul qilinmagan abituriyentlar to‘plagan ballari bilan mazkur ta’lim yo‘nalishida umumiy tartibda tanlovda ishtirok etadi;
– kirish imtihonlarida to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam bo‘lmagan ball to‘plagan nogironligi bo‘lgan shaxslar ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya etilgan holda talabalikka tavsiya etiladi.