Oʻzbek Toshkent shahar Mirobod tumani Temiryo'lchilar ko’chasi 1-uy | rektorat@tstu.ru | +998 71-299-00-01 | +998 71 293-57-54

Qadriyatga aylangan an’ana: joriy yil bitiruvchilardan 72 foizi ish bilan ta’minlandi

Qadriyatga aylangan an’ana: joriy yil bitiruvchilardan 72 foizi ish bilan ta’minlandi

Toshkent davlat transport universiteti tashkil etilganiga hali ko’p vaqt bo’lmagan bo’lsada, bu yerda talab va takliflarga asosan amalga oshirilayotgan ishlar mazkur oliygohning nufuzini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

Universitet O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 4 maydagi «Transport sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi qarori ijrosi doirasida o’z faoliyati boshlagan edi.

Bugungi kunda mazkur dargohda mamlakatimiz transport sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, tizimni ilg’or xorijiy tajriba va xalqaro standartlarga asosan rivojlantirish, o’qitish jarayoniga zamonaviy uslublarni tatbiq etish, ilmiy salohiyatni yanada yuksaltirish borasida bir qator ishlar olib borilmoqda.

Toshkent davlat transport universiteti Buyurtmalar portfelini shakllantirish, bitiruvchilarni ishga taqsimlash va monitoring bo’limi boshlig’i Maqsud Haydarovning ma’lum qilishicha, universitetda 74 ta’lim yo’nalishi va 51 mutaxassislik bo’yicha 13 ming nafardan ortiq talaba kunduzgi bo’limda tahsil oladi. Ulardan 2 ming 393 nafari bitiruvchilardir.

– Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mamlakatimizda yoshlarga va ular uchun zamonaviy ta’lim tizimini yaratishga bo’lgan e’tibor tufayli bugun yoshlar masalalari davlat siyosati darajasiga ko’tarildi, – dedi M.Haydarov. – Joriy yilning 16 iyulь kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oliy ta’lim tizimidagi ustuvor vazifalarga bag’ishlangan videoselektor yig’ilishida ham bu masala muhokama mavzusiga aylandi. Unda yoshlarni bilim va malakali etib tarbiyalash, jahon taraqqiyotiga mos mutaxassislar tayyorlash maqsadida ta’lim tizimini izchil rivojlantirishga ahamiyat qaratildi. Shu talablardan kelib chiqib, talabalarning puxta bilim olishi va ularning kelgusidagi mustaqil hayotiga e’tiborli bo’lish universitetimizning bosh maqsadiga aylangan. Bu yilgi bitiruvchilar oliygohning ilk qaldirg’ochlari hisoblanadi. Bu esa bizga katta mas’uliyat yuklaydi. Negaki, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash va ularning kelajak hayotiga yo’l ochishimiz zarur. Joriy yilning fevralь oyidan bitiruvchi-yoshlarni ish bilan ta’minlash maqsadida tizimdagi korxonalar bilan hamkorlik qilmoqdamiz. Yoshlarimiz bilan ham muloqotda bo’lib, ularning qiziqishlari o’rganilmoqda. Masalan, ular orasida o’ziga ma’qul sohalarda ishlash niyatini bildirayotgan bo’lsa, ayrimlari keyingi hayotini bilim, ilmiy izlanish yoki oliygohlar bilan bog’lashni istayotganlar ham bor. Ular uchun ham universitetimiz tomonidan shart-sharoit yaratib berilmoqda.

Ushbu ilm dargohi faoliyati bilan tanishish chog’ida jamoaning hamfikr, yakdilligi, eng muhimi, ularning talaba va bitiruvchilari hayotiga befarq emasligiga amin bo’ldik. Matbuot kotibi Dilshod Rahmatov hamrohligida universitetda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdik. Uning ta’kidlashicha, besh oydan buyon bitiruvchi yoshlarni ish bilan ta’minlash bo’yicha universitet rahbariyati bir qator tashkilotlar bilan hamkorlik qilib kelmoqda.

– Shu kungacha bitiruvchilarimizning 72 foizini ish bilan ta’minlashga muvaffaq bo’ldik, – dedi D.Rahmatov. – Aslida, bu an’ana biz uchun qadriyatga aylandi. Oliygohlar orasida bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash borasida shunday qadriyatga ega yagona oliygoh, desam mubolag’a bo’lmaydi. Bunga 2020/2021 o’quv yilidan boshlab ilg’or xalqaro ta’lim standartlariga muvofiq ta’limning kredit-modulь tizimi bosqichma-bosqich joriy etilayotganligi sabab bo’lmoqda. Bunda haftaning 5 kuni o’quv jarayoni va bir kuni talabalarning ishlab chiqarish tashkilot va korxonalarida ko’nikma hamda kompetentsiyasini oshirish maqsadida amaliyot uchun ajratildi. Bitiruvchi ishlab chiqarish amaliyoti davridayoq, o’z ishini topmoqda. Keyingi yillarda o’quv rejalarini shakllantirishda asosiy e’tiborni kadrlar iste’molchilari talablaridan kelib chiqqan holda mutaxassislik fanlari soniga urg’u berilib, malakaviy amaliyot muddati 26 hafta etib belgilanganligi ham ishlab chiqarish va oliy ta’lim integratsiyasini mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.

Yoshlarni ish bilan ta’minlashga bag’ishlangan tadbirda qatnashish chog’ida universitet rahbariyati, qator tashkilotlar vakillari va talabalar o’rtasida qizg’in suhbat, sinov va savol-javoblarga guvoh bo’ldik.

– Bugungi tadbirda Toshkent davlat transport universiteti bitiruvchilaridan 25 nafarini ishga taklif qildik, – dedi «O’zbekiston» lokomotiv deposi kadrlar bo’limi boshlig’i Dilshod G’oyibnazarov. – Tanlovda ularning bilimi darajasiga qaraladi. Talabalarga bitiruv malakaviy ishlari bo’yicha savollar berganimizda, ular savollarimizga 80-90 foiz to’g’ri javob berayotgani bizni quvontirdi. Tadbirda 30 dan ziyod korxona egalari qatnashdi va ular o’zlariga zarur yo’nalish bo’yicha yosh kadrlarni so’rov asosida tanlab olmoqda. Bunda bitiruvchilarning yashash manzili, uning qiziqishlari ham inobatga olinadi. O’ylaymanki, universitet tomonidan tashkil etilayotgan bunday tadbirni barcha oliygohlarda an’anaga aylantirish maqsadga muvofiqdir.

– O’zim Xorazm viloyatidanman. Universitetni iqtisodiyot yo’nalishi bo’yicha tugatdim. Endi men o’zimni ishlab chiqarishda sinab qo’rmoqchiman. Bugun tashkil etilgan tadbirda ko’plab bitiruvchilar ishli bo’ldi. Ular qatori men ham endi «Qo’ng’irot» mintaqaviy temir yo’l uzelida ilk mehnat faoliyatimni boshlayman. Bu, albatta, bizni quvontiradi. Chunki qo’limizga diplom olish arafasida universitetimiz rahbariyati g’amxo’rligi tufayli ishli bo’lib turibmiz. Buning uchun shu dargohda bizga ta’lim bergan barcha rahbaru ustozlarga o’z tashakkurimizni bildiramiz, – dedi universitet bitiruvchisi Mirzo Ismoilov.

Shu tariqa, universitetning 2 ming 393 nafar bitiruvchisi universitet rahbariyati va ish beruvchi korxonalar vakillari suhbatidan o’tmoqda. Natijalar esa kutilgandanda, a’lo. 72 foiz bitiruvchi universitet jamoasining qo’llab-quvvatlashi evaziga ish bilan ta’minlandi.

…Universitet faoliyati va tadbir ishtirokchilari bilan suhbatda bo’lib, ayrimlaridan intervьyu ham oldik. Ularning fikrlarini sizlarga ham ilinar ekanmiz, avvalo, muhtasham va barcha qulayliklar yaratilgan o’quv binolari e’tiborimizni tortgani, so’ngra har qadamda duch kelgan talabalar odobi, ularning ustozlariga bo’lgan chin mehriga shohid bo’lganimizni ham bayon etib qo’yaylik.

Nasiba Ziyodullayeva, O’zA

Leave a Reply