Oʻzbek Toshkent shahar Mirobod tumani Temiryo'lchilar ko’chasi 1-uy | rektorat@tstu.ru | +998 71-299-00-01 | +998 71 293-57-54

Samarqandda mahalliy qatnovlarga ixtisoslashgan Silk Avia aviakompaniyasi ish boshlaydi

Samarqandda mahalliy qatnovlarga ixtisoslashgan Silk Avia aviakompaniyasi ish boshlaydi

Oʼzbekistonda mahalliy parvozlar uchun alohida aviakompaniya – Silk Avia tashkil etilmoqda. Uzbekistan Airports raisi Raʼno Joʼraevaning maʼlum qilishicha, yangi kompaniya ochilishi bilan 40ga yaqin ichki reyslar yoʼlga qoʼyiladi. Kuzgacha 70 oʼrinli uchta samolyot olib kelinib, parvozlarni boshlash reja qilinmoqda.
“Uzbekistan Airports” boshqaruvi raisi Raʼno Joʼraeva Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqida ichki parvozlarni amalga oshirish uchun tashkil etilayotgan “Silk Avia” aviakompaniyasiga oid ayrim tafsilotlarni maʼlum qildi.
Turizm sohasiga investitsiyalarni jalb qilish mavzusidagi muloqot davomida Raʼno Joʼraeva ichki turizmni rivojlantirishga toʼxtalar ekan, oʼtgan yildan boshlab “Silk Avia” mintaqaviy aviakompaniyasini tashkil etish ishlari boshlanganini taʼkidladi.
Uning aytishicha, yangi aviakompaniya Oʼzbekiston ichida aviaqatnovlarga boʼlgan talabni qondiradi. Dastlabki maʼlumotlarga koʼra, Oʼzbekiston boʼylab 40ga yaqin yoʼnalish – nafaqat poytaxtdan viloyatlarga, balki viloyatlar oʼrtasida ham yoʼlga qoʼyilishi rejalashtirilgan

“Bu yerda mintaqaviy aviatashuvlar yoʼq va ularni rivojlantirish kerak. Biz hozirda 40ga yaqin yoʼnalishni ochmoqchimiz. Bu ichki turizm rivojiga ham katta hissa qoʼshadi. Eʼtibor bersam, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi sayyohlik yoʼnalishlariga ham insonlar yo chipta yoʼqligi, yoki qimmatligi sabab poezd, avtobus yoxud taksida borishga majbur.
Men ichki yoʼnalishlar boʼyicha statistik maʼlumotlarni koʼrib chiqdim – 2021 yilda biz millionga yaqin yoʼlovchiga xizmat koʼrsatdik. Аlbatta, talab katta. Аholi mamlakat boʼylab harakatlanishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Shuning uchun biz ishlarni jadal surʼatlarda olib bormoqdamiz. Umid qilamizki, kuzgacha samolyotlarni yetkazib beramiz va ilk parvozlarni amalga oshirishni boshlaymiz”, – deya Raʼno Joʼraevaning soʼzlarini keltirmoqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati.
Kompaniya rahbari, shuningdek, birinchi bosqichda 70 oʼrinli uchta samolyot kelishi kutilayotganini taʼkidladi. Uning aytishicha, bunday sigʼimga ega samolyotlar mahalliy aviatashuvlar uchun maqbuldir.
Raʼno Joʼraeva, shuningdek, mahalliy aviakompaniya bazasi yangi “Samarqand” aeroportida joylashishini maʼlum qildi.
Mazkur aeroportni qayta qurish ishlari 2019 yilda boshlanib, kuni kecha foydalanishga topshirilgan edi. Joʼraeva Samarqand aeroporti zamonaviy va maʼlum darajada eksperimental loyiha ekanini qayd etdi.
“Bu 2019 yildan buyon amalga oshirila boshlangan ulkan loyiha boʼlib, uning yuqori nuqtasi 2021 yilga toʼgʼri keldi. Eng qiyini, aeroport faoliyatini toʼxtatmay turib, aerodrom va aerovokzal qurish edi. Аerodrom majmuasi ochilishidan taxminan bir oy oldin parvozlar toʼxtatildi.
Har birimizning oʼz investitsiya dasturimiz – davlat hamkorligida aerodrom, xususiy sherikchilikda boʼlganlarda esa terminal qurish vazifasi bor edi. Umuman olganda, loyiha qiymati,taxminan 150 million dollarga toʼgʼri keldi. Biz uni tom maʼnoda 18 mart kuni ochdik.
Hozir biz bojxona va chegara nazorati, yoʼlovchilar va yuklarni roʼyxatga olish uchun yangi yechimlar orqali oʼtkazish imkoniyatini oshirishga qodir boʼlgan, xizmat koʼrsatish texnologiyasi joriy etilgan aerovokzal majmuasini foydalanishga topshirishni yakunlamoqdamiz. 1 apreldan yangi terminal toʼliqligicha ishlab, xalqaro qatnovlarga xizmat koʼrsatadi”, – deya xulosa qildi Uzbekistan Airports raisi.
Eslatib oʼtamiz, 18 mart kuni Samarqand aeroportining tantanali ochilish marosimi boʼlib oʼtgan edi. Yangi terminal qurish loyihasi “Air Marakanda” MChJ XK va “Uzbekistan Airports” АJ davlat hamkori oʼrtasida, Oʼzbekiston aviatsiya tarixida birinchi davlat-xususiy sheriklik shartnomasi doirasida amalga oshirildi.

Manba: Kun.uz

✅Bizning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizni kuzatib boring!