Oʻzbek Toshkent shahar Mirobod tumani Temiryo'lchilar ko’chasi 1-uy | rektorat@tstu.ru | +998 71-299-00-01 | +998 71 293-57-54

Talabalarga ikki OTMning diplomi beriladi…

Talabalarga ikki OTMning diplomi beriladi…

Kuni kecha O‘zbekistonning Londondagi elchixonasi taklifiga asosan Toshkent davlat transport universiteti va Shotlandiyaning Stratklayd universiteti o‘rtasida onlayn-uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Xususan, universitetimizdan xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor, professor Bahodir To‘raev, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Abdulaziz Gulamov, Qurilish muhandisligi fakul’teti dekani Asqar Boboev, Bino va sanoat inshootlari qurilishi kafedrasi mudiri O‘rinboy Turg‘unboev, professor Yelena Shipachyova, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Hamid To‘raevlar, ikkinchi tomondan Fuqarolik va atrof-muhit muhandisligi kafedrasi mudiri, professor Vernon Phoenix, Xalqaro rivojlanish va ishga qabul qilish bo‘limi boshlig‘i Stuart Shorthouselar, O‘zbekistonning Londondagi elchixonasidan vakil – Shoxruz Samadovlar ishtirok etishdi.
Mavzu “Qurilish muhandisligi” yo‘nalishi bo‘yicha “2+2” qo‘shma dasturini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini o‘z ichiga oldi. Suhbat avvalida Stratklayd universiteti vakillari TDTrU bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilishidan manfaatdor ekanliklarini alohida ta’kidlab o‘tishdi.
Qizg‘in kechgan muzokaralar davomida ikki tomonning o‘quv dasturlari loyihalari, qabul kvotalari va jarayonlari, abiturientlarga qo‘yiladigan talablar, talabalarning Stratklayd universitetida o‘quv yili uchun to‘lanadigan kontrakt miqdori, yashash harajatlari kabi savollarga aniqlik kiritdi.
Hamid To‘raev: Taqdim etilgan o‘quv rejalarni ko‘rib chiqishga imkoningiz bo‘ldimi?
Stuart Shorthouse: Fikrimizcha, ular juda puxta tuzilgan, hech qanday o‘zgartirish kiritmadik. Biz ham tez orada o‘z o‘quv rejalarimizga kerakli tuzatishlarni kiritamiz.
Hamid To‘raev: Abiturientlarga o‘rta ta’lim muassasalarini a’lo baholar bilan tugatganligi hamda ingliz tilini bilish darajasini tasdiqlovchi hujjat (IELTS, TOEFL va boshqalar) mavjudligi kabi talablar qo‘yiladigan bo‘ldi, shundaymi?
Stuart Shorthouse: Xuddi shunday. Biz ham “2+2” qo‘shma dasturining uchinchi yilida faqat shu talablarga asoslanamiz. Ingliz tilini bilish darajasi kamida 6.0 bo‘lishi lozim. Shu hafta so‘nggida kelishuv loyihasini yuboramiz.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozim, Stratklayd universiteti Shotlandiyadagi uchinchi yirik universitet hisoblanadi. OTMda 100dan ziyod mamlakatdan talabalar tahsil olmoqda. The Complete University Guide ma’lumotlariga ko‘ra, universitet Buyuk Britaniyaning eng yaxshi 10 ta oliy o‘quv yurtlari reytingida turadi, asosiy mutaxassisligining ayrim ko‘rsatkichlari bo‘yicha Oksford va Kembridj universitetlaridan oldinlab ketgan.
Uchrashuv so‘nggida “2+2” dasturini amalga oshirish bo‘yicha bitimni imzolashga, yaqin kelajakda akademik almashinuvlarni ham yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

Mahzuna Bozorova yozib oldi.

Boshqa OAV ham ushbu tadbirni faol yoritib borishdi: