Oʻzbek Toshkent shahar Mirobod tumani Temiryo'lchilar ko’chasi 1-uy | rektorat@tstu.ru | +998 71-299-00-01 | +998 71 293-57-54

Taraqqiyotda yoshlar hal qiluvchi kuchdir

Taraqqiyotda yoshlar hal qiluvchi kuchdir

Har qanday davlatning tarixiy taraqqiyot yo’lidan ma’lumki, yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo’lishi o’sha davlatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tiborga chambarchas bog’liq. Shu ma’noda, O’zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo’nalishlaridan biri hisoblanadi.
Mamlakatda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratib berish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilgan. Bu tizim zamon talablariga hamohang ravishda takomillashtirib borilmoqda. Xususan, bugungacha parlament tomonidan yoshlarga oid 40 dan ziyod qonun hujjatlari qabul qilingan bo’lib, 30 dan ortiq xalqaro huquqiy hujjatlar ratifikatsiya qilingan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ayni davrda insoniyat tarixidagi eng ko’p yoshlar qatlami bilan yashayotganimizni inobatga olgan holda BMT minbarida Yoshlar huquqlari to’g’risidagi BMT konventsiyasini qabul qilish taklifi ilgari surilgani ham xalqaro hamjamiyat tomonidan iliq qarshilandi. O’zbekiston rahbari bunga asos qilib, bugun dunyo miqyosida yoshlarning soni ikki milliarddan ortib ketgani, xalqaro terrorizm va esktremizm shiddat bilan o’sib borayotgan bir paytda yoshlarga himoya zarurligini muhim omillar sifatida asoslab berdi.

Shavkat Mirziyoyevning O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida birinchi imzolagan qonun hujjati – 2016 yil 14 sentyabrdagi «Yoshlarga oid davlat siyosati to’g’risida»gi Qonun ekanida ham ramziy ma’no bor. Binobarin, aholisining yarmidan ko’prog’i yoshlardan iborat bo’lgan mamlakatda yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish, yosh avlodni har tomonlama yetuk va barkamol, intellektual salohiyatli, o’z qat’iy pozitsiyasiga ega, yurtda amalga oshirilayotgan islohotlarga befarq bo’lmagan, yurtning ertangi munosib kelajagi uchun daxldorlikka tayyor, maqsadga intiluvchan, serg’ayrat, vatanparvar, sadoqatli, komil shaxslar sifatida tarbiyalash O’zbekistonni dunyoning eng rivojlangan davlatlari safidan o’rin olishida muhimdir.

Oiladan boshlanadigan ta’lim va tarbiya mahalla bilan chambarchas bog’liq.

Yoshlar bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish maqsadida yangicha boshqaruv mexanizmlari joriy etildi.

Har bir shaharcha, qishloq, ovul, mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi. Yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, iste’dodi va tashabbuslarini rag’batlantirish, hayotda o’z o’rnini topishlariga ko’maklashish kabi dolzarb masalalar mahalla yetakchisining asosiy vazifalari sifatida belgilandi.

Yoshlarning tadbirkorlik g’oyalarini amalga oshirish, ular faoliyatiga kredit, subsidiya va boshqa yordam choralarini jalb qilish bo’yicha mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag’allikni qisqartirish masalalarida mahalla yetakchisi tavsiya asosida amalga oshirilishi orqali aynan yosh kadrlarga berilayotgan e’tibor namoyon bo’ladi.

Mahallalarda yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilishi orqali uzluksiz vertikalь tizim joriy etildi.

O’zbekiston oldida ulkan marralarni egallash vazifasi bor. Bunda yoshlarning o’rni va hissasi muhim. Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi poydevorini yaratishda fidoyi va vatanparvar yoshlar faol ishtirok etib, munosib hissa qo’shishi shart.

Dilshod Baratov,
Toshkent davlat transport universiteti prorektori

✅Bizning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizni kuzatib boring!