OʻzbekEnglishРусский Toshkent shahar Mirobod tumani Temiryo'lchilar ko’chasi 1-uy | rektorat@tstu.ru | +998 71-299-00-01 | +998 71 293-57-54

TDTrU delegatsiyasi Turkiyada o’z ishini davom ettirmoqda

TDTrU delegatsiyasi Turkiyada o’z ishini davom ettirmoqda

Avval xabar berganimizdek, Toshkent davlat transport universiteti rektori, iqtisod fanlari doktori Odil Qalandarovich Abdurahmanov va xalqaro hamkorlik bo’yicha prorektor, iqtisod fanlari doktori Baxodir Xatamovich Turayevlar ayni paytda amaliy tashrif bilan Turkiya Respublikasida bo’lib turibdi.

Delegatsiya 28-31 iyul kunlari Turkiyaning yetakchi OTMlari – Istanbul universiteti, Istanbul texnika universiteti hamda Mimar Sinan nomidagi Go’zal san’atlar universiteti rahbariyati bilan uchrashdi.

Do’stona uchrashuvlar davomida TDTrU rektori Odil Qalandarovich turkiyalik hamkasblarga universitetimizning serqirra faoliyati, xususan uning tuzilmasi, xalqaro aloqalari, ilmiy loyihalari va tadqiqotlari haqida so’zlab berdi. Shu bilan bir qatorda, TDTrU delegatsiyasi nomi keltirilgan universitetlarning boy tarixi, ilmiy, o’quv hamda madaniy hayoti bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo’ldi.

Muzokaralar davomida mezbon OTMlar TDTrU bilan birgalikda qo’shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirishga ulkan qiziqish bildirishdi. TDTrU rektori, iqtisod fanlari doktori Odil Abdurahmanov ham yaqin kelajakda universitetlar bilan qo’shma ta’lim, almashinuv va ilmiy loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini alohida qayd etdi. Jumladan, professor-o’qituvchilarni uzoq muddatli stajirovkalarga yuborish, Erasmus dasturi orqali almashinuvlarni tashkil qilish masalalari ham ko’rib chiqildi.

Samimiy uchrashuvlar yakunida yaqin kelajakda oliy ta’lim muassasalari o’rtasida injeneriya, yo’l, ko’prik va tonnel qurilishi, mexatronika, robototexnika kabi sohalarda hamkorlik hamda turli doiradagi, xususan ilmiy, o’quv, uslubiy ta’minot va akademik almashinuvlar yo’lga qo’yilishi borasida kelishuvlarga erishildi.

Ma’lumot o’rnida:
Istanbul universiteti juda qadimiy oliy ta’lim muassasalaridan biri bo’lib, uning tarixi 1453 yillarga borib taqaladi. Universitet xalqaro reytinglarga ko’ra dunyonig eng sara OTMlarning 5%ga kiradi.

Istanbul texnika universiteti sal kam 250 yillik tarixga ega. Ushbu OTM 40 mingdan ziyod talabalarga muhandislik, arxitektura, dizayn, iqtisod, musiqa va san’at yo’nalishlari bo’yicha ta’lim beradi va xalqaro reytinglar TOP-500 taligidan o’rin egallagan.

Mimar Sinan nomidagi Go’zal san’atlar universiteti maktab sifatida 1928 yili tashkil topgan, 1982 yil esa universitet maqomini olgan. U me’morchilik, san’at va madaniyat bo’yicha mutaxassislarni yetishtirib beruvchi yetuk OTM hisoblanadi.