Oʻzbek Toshkent shahar Mirobod tumani Temiryo'lchilar ko’chasi 1-uy | rektorat@tstu.ru | +998 71-299-00-01 | +998 71 293-57-54

Xabaringiz bor, bugun Turkmanistondagi “Avaza” milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Xabaringiz bor, bugun Turkmanistondagi “Avaza” milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Aytish joizki, mamlakatimiz lideri davlatlarimiz oldida ulkan maqsad, ya’ni Markaziy Osiyoni barqaror, iqtisodiy yetuk va yuksak taraqqiy etgan mintaqaga aylantirish turishini bot-bot ta’kidlaganlar. Shu munosabat bilan Shavkat Mirziyoev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvini tashkil etish tashabbusi bilan chiqqan edilar. G‘oya o‘z amalini uzoq kuttirmadi. Birinchi uchrashuv bundan 3 yil burun, ikkinchisi esa bir yil o‘tib bo‘lib o‘tgandi. Bugungisida ham nihoyatda muhim masalalarga urg‘u qaratildi. O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqlarida “Oliy darajadagi muntazam uchrashuvlarimiz mintaqaning betakror salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda”, — deya e’tirof etdilar.
Nutqda iqtisodiy masalalar alohida o‘rin egalladi. Shu o‘rinda, Savdo-iqtisodiy hamkorlikning umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi bitimni qabul qilish mavridi kelganini qayd etdilar. Qolaversa, iqtisodiyotning ustuni bo‘lgan transport sohasi muammolari bafurja tahlil qilindi. Xususan, Prezident mavjud transport yo‘laklari, ularning infratuzilmasini uzluksiz ishlashini qo‘llab-quvvatlashga, qatnovlarni to‘liq tiklashga chorladi. Strategik mavzu sifatida transport sanoatiga bo‘lgan jiddiy qarash soha vakillarining o‘z faoliyatlariga tahliliy yondashishlariga undashi shubhasiz.
Bulardan tashqari, energetik xavfsizlik masalalari, aholini oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji, pandemiyaga qarshi muvofiqlashuv va o‘zaro ko‘mak masalalari, ekologik muammolar, madaniy-ma’rifiy sohalarga ham birma-bir to‘xtalib o‘tildi.