OʻzbekEnglishРусский Toshkent shahar Mirobod tumani Temiryo'lchilar ko’chasi 1-uy | rektorat@tstu.ru | +998 71-299-00-01 | +998 71 293-57-54

Xorijiy tillar (1) kafedrasi tashabbus ko’rsatdi

Xorijiy tillar (1) kafedrasi tashabbusi bilan Konstitutsiyaning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.


Xorijiy tillar (1) kafedrasi va Yoshlar bilan ishlash, Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma sakkiz yilligi doirasida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasining “Damli cholg‘ular” orkestri, Toshkent shahar IIB mas’ul xodimlari, Mirobod tumanidagi 147, 294-o‘rta maktab o‘quvchilari, Toshkent davlat transport universiteti professor-o‘qituvchilari, talabalar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Ishtirokchilarga Konstitutsiyamizning yaratilish tarixi, uning demokratik huquqiy davlat barpo etish va inson manfaatlarini ta’minlashdagi ahamiyati, Bosh qomusimizning xalqchilligi, xalqaro huquq normalariga mosligi haqida atroflicha ma’lumot berildi. “Konstitutsiya – huquq va erkinliklarimiz, farovonligimiz kafolati”, “O‘zbekiston Konstitutsiyasi – barqaror Konstitutsiya” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.

– Bosh qomusimiz inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamiyat hayotining barcha sohalarini izchil liberallashtirish va modernizatsiya qilish, ta’lim, fan, madaniyat hamda ma’naviyat rivojida muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotir, – deydi Toshkent shahar IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi podpolkovnigi Asila Axmedova. – Bugungi tadbirda mazkur hujjatda mamlakatimizda istiqomat qilayotgan millati, tili, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, barcha fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlangani, yoshlarning ongi va qalbida Konstitutsiyamizga hurmat, Vatan taqdiriga daxldorlik, mas’uliyat hissini yanada kuchaytirish masalalari xususida erkin suhbat qilindi. Ana shu g‘oyalarni yoshlarimizga singdirish barobarida ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirish har birimizning burchimiz bo‘lmog‘i lozim.

Tantanali yig‘ilish davomida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi ixtisoslashtirilgan akademik litseyi “Damli cholg‘ular” orkestri kuy-qo‘shiqlari yangradi.