Oʻzbek Toshkent shahar Mirobod tumani Temiryo'lchilar ko’chasi 1-uy | rektorat@tstu.ru | +998 71-299-00-01 | +998 71 293-57-54

Zamonaviy ko’priklarni loyihalash va qurilishini rivojlantirishning asosiy perspektiv yo’nalishlari

Zamonaviy ko’priklarni loyihalash va qurilishini rivojlantirishning asosiy perspektiv yo’nalishlari

Ta‘lim jarayonining ishlab chiqarish bilan integratsiyasini ta‘minlash, ta‘lim tizimi transformatsiyasi jarayonida iqtisodiyotning drayver yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan qurilish sohasi mutaxassislarini ta‘lim jarayoniga jalb etish, ko‘priklar va yo‘lo‘tkazgichlarni loyihalash va qurish ishlari modernizatsiyasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda bitiruvchi kurs talabalarini ko‘priklarni loyihalash va qurish tashkilotlari bilan bevosita munosabatlarini yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash maqsadida 19.11.2021yilda Toshkent davlat transport universiteti “Ko‘priklar va tonnellar” kafedrasi tashabbusi bilan universitetning “Maqsud Shayxzoda” zalida ko‘priklar va yo‘lo‘tkazgichlarni loyihalash bo‘yicha unikal tajribaga ega bo‘lgan “Allegro Develop Project” LLC loyiha tashkiloti  texnik direktori Shuxrat Mirxоdjayev bilan bitiruvchi bosqich talabalari o‘rtasida ochiq muloqot tashkil etildi. Tadbirni “Ko‘priklar va tonnellar” kafedrasi mudiri Ulug‘bek Shermuxamedov ochib berdi. Muloqot avvalida professor Abdurahmon Ishanxоdjayev ko‘priklar, tonnellar va yo‘lo‘tkazgichlarni loyihalash va qurishning rivojlanish tarixi,  uni hozirgi zamonaviy bosqichga olib chiqishda loyihachi muhandislarning xizmatlarini e‘tirof etdi.  Ochiq muloqot davomida Shuxrat Amanullayevich “Allegro Develop Project” LLC ning tashkiliy tuzilishi, korxonada loyihalashtirilayotgan ko‘priklar va yo‘lo‘tkazgichlar haqida ma‘lumot berib o‘tdi.  Xususan, Cho‘ponota ko‘chasi va Kichik Halqa Yo‘li kesishmasidagi Yakkasaroy va Sergeli tumanlarini bog‘lovchi monolit uslubidagi yo‘lo‘tkazgich va ko‘priklarni loyihalash va qurish jarayonida duch kelgan qiyinchiliklari, muammoli vaziyatlarda mahalliy mutahassislar va turkiyalik muhandislarning birgalikda yechim topilganligi haqida so‘zlab berdi. Ushbu yo‘lo‘tkazgich egrilikda “post tension” – keyingi zo‘riqtirish usulini qo‘llagan holda monolit tarzda  barpo etilgan O‘zbekistondagi ilk yo‘lo‘tkazgich ekanligi qayd etildi. Ushbu inshootning o‘ziga xos jihatlari sifatida 45metrgacha bo‘lgan monolit oraliqning qo‘llanilganligi, ishchi armaturani zo‘riqtirish va  betonlash ishlari bevosita qurilish hududida olib borilganligi, qurilish jarayonida minimal sondagi inshootlarning demontaj qilinishi, qurilish jarayoni temir yo‘l ustidan o‘tgan qismida ishlar poyezdlar harakati grаfigiga ta‘sir ko‘rsatmagan holda olib borilganligi, Kichik Halqa Yo‘li ustidan o‘tgan qismida ko‘prik monolit oraliq qurilmasi qolip va havozalari avtomobillar harakatlanishga koridor qoldirgan holda o‘rnatilganligini qayd etish lozim. Shuningdek, qurilish jarayonida Italiyaning “Fip Industriale” kompaniyasining tayanch qismlari va Turkiyaning “Arfen” deformatsion chok qurilmalardan foydalanilishi orqali yo‘lo‘tkazgichning seysmik xavfsizligini maksimal ta‘minlanishi aytib o‘tildi.

Shuxrat Mirxodjayev Prezidentga taqdimoti o‘tkazilgan yangi obyektlar — Bobur ko’chasidan Toshkent Xalqaro aeroportiga olib boruvchi yo‘lo‘tkazgichni monolit uslubda yangidan qurish loyihasi hamda Qo‘yliq bozori yaqinidagi yo‘lo‘tkazgichning optimizatsiyasi  loyihalari haqida ma‘lumot berib o‘tdi. Yangi loyihalarni tanishtirar ekan Shuxrat Mirxodjayev bundan keyin Tohkent shahrida monolit va arxitekturaviy jozibador ko‘priklar qurilishi davomiy bo’lishini aytib o‘tdi. Ko‘prik va yo‘lo‘tkazgichlarning optimal variantlarini tanlashda  birinchi navbatda qulaylik, tirbandliklarni bartaraf etish,  estetika va narxi inobatga olinishi qayd etildi.

Ochiq muloqotda bitiruvchi bosqich talabalari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob topdilar. Faol ishtirok etgan talabalar bitiruv oldi amaliyotini “Allegro Develop  Project” LLC da o‘tash imkoniyatini qo‘lga kiritdilar. Ushbu talabalar keyinchalik mehnat faoliyatini loyiha tashkilotida davom ettirishlari mumkin bo‘ladi. Uchrashuvda faol ishtirok etgan talaba Rustam Zoirov mehmon tomonidan qimmatli sovg‘a bilan taqdirlandi.

Muloqot yakunida “Qurilish muhandisligi” fakulteti dekani Asqar Ro‘zibadalovich bu kabi tadbirlarni muntazam ravishda o‘tkazish bo‘yicha reja ishlab chiqilganligi va kelgusida yetakchi loyiha va qurilish tashkilotlari mutaxassislari bilan ochiq muloqotlar davom etishini qayd etib o‘tdi.

 

✅Bizning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizga a’zo bo’ling!
Tstu.uz | Telegram | Facebook | Instagram